O‘zbekistonlik velosportchilarning Birlashgan Arab Amirligida davom etayotgan mashg‘ulotlari qizg‘in kechmoqda

Avval xabar berib o‘tganimizdek, joriy yilning 14 yanvar kuni velosport bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi va murabbiylar shtabi BAAga o‘quv- yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazishga jo‘nab ketishgandi. Hozirda Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi bilan o‘tkazilayotgan qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari qizg‘in tus olmoqda.

 

Mazkur o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari doirasida sportchilarimiz amirliklarda o‘tkaziladigan "Tur Shardja" Xalqaro turnirida ham ishtirok etishlari belgilangandi. Sergey Lagutin boshchilik qilayotgan mashg‘ulotlarda terma jamoamiz a’zolaridan Ruslan Karimov, Murodjon Xolmurodov, Dilmurod Siddiqov, Nikita Chernov, Marat Sulyayev, Shomansur Abdumannapov, Semyon Sevastyanov, Roman Shukurov, Danil Yevdokimov, Aleksey Fomovskiy, Diana Adelshinova xamda Olga Jantuganovalar ishtirok etishmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 21 dekabr kuni O‘zbekiston hamda Birlashgan Arab Amirliklari velosiped sporti federatsiyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha imzolangan bitimga asosan mazkur qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari BAA velosiped sporti federatsiyasi taklifiga ko‘ra o‘tkazilmoqda.

 

Delegatsiya rahbari, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi ijrochi direktori Rustam Nurtdinovning ta’kidlashicha mazkur qo‘shma yig‘in ikki tomonlama imzolangan memorandumda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ilk qadam bo‘lgan. - “O‘zbekiston velosiped sporti tarixida birinchi marotaba biz qo‘shma o‘quv-yig‘in mashg‘ulotini o‘tkazmoqdamiz va musobaqalarga puhta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz” - deb qo‘shimcha qildi bu borada Rustam Nurtdinov.

 

Shuningdek, O‘zbekiston va BAA velosiped sporti federatsiyalari o‘rtasidagi kelishuvga asosan o‘zbekistonlik qizlar amirliklarning "Al-Asyal" ayollar velojamoasi tarkibida o‘z mahoratlarini toblash imkoniga ega bo‘lishadi. Jumladan, 4 yanvardan 6 fevralga qadar davom etayotgan o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inida terma jamoamiz a’zolari Yekaterina Knebeleva hamda Renata Baymetovalar mazkur jamoa mashg‘ulotlarida ishtirok etishmoqda.

 

Yig‘in doirasida sportchi qizlarimiz Abu-Dabi shahrida o‘tkazilgan "Liwa Cycling Challenge 2018" sport musobaqasida qatnashishga ham ulgurishdi. Unda Yekaterina Knebeleva 104 km masofani 2:55:01 daqiqada bosib o‘tib, 2-o‘rinni egalladi. Renata Baymetova esa yuqoridagi masofani 3:01:44 daqiqada bosib o‘tib, marraga beshinchi bo‘lib yetib keldi.

 

Mazkur o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari joriy yil fevral oyida o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik bosqichini vazifasini o‘tab beradi. Ma’lumot uchun, Osiyo chempionati 16-20 fevral kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida velosportning trek yo‘nalishida o‘tkaziladi.

Manzil: O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Поделиться 2018-01-24 11:55:38