Zaynab Dayibekova jahon kubogining oltin medaliga sazovor bo‘ldi

Joriy yilning 16-17 noyabr kunlari poytaxtimizda qilichbozlik bo‘yicha o‘smir qizlar o‘rtasida jahon kubogi bo‘lib o‘tdi. O‘tkazilgan yakkalik bellashuvlari yakuni terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli xotima topdi.

Musobaqaning 1/16 final bosqichiga kelganda g‘oliblik uchun kurash olib borayotganlar orasida naq 7 nafar rossiyalik qilichbozni ko‘rish mumkin edi. Biroq yakunda oltin medal hamyurtimiz Zaynab Dayibekovaga nasib etdi. Xalqaro musobaqalarda ulkan tajriba orttirib kelayotgan hamyurtimiz hal qiluvchi bahsda turkiyalik Nisonur Erbil bilan bahs olib bordi va 15:12 hisobida zafar quchdi. Bronza medallari esa rossiyalik Darya Drozd va Vlada Plexanovaga nasib etdi.

Ahamiyatlisi, bu qilichbozlarimizning jahon kubogidagi ilk g‘alabasi sifatida tarixda qolmoqda.

Manba

Поделиться 2019-11-18 12:55:52