Karate
Karate (yaponcha — hech narsasiz qo‘l bilan) — qurolsiz o‘zini-o‘zi himoya qilish, inson tanasining nozik joylariga qo‘l yoki oyoq bilan zarbalar berishga asoslangan sport kurashining bir turi. Karatening hozirgi qoidalari 20-asrning boshlarida yaponcha jiujitsu yakkakurashini takomillashtirish asosida shakllangan. Uning dastlabki usul va qoidalarini G.Funakosi (1869— 1957, Yaponiya) ishlab chiqqan. Karatechilar 8x8 m tatamida yakkama-yakka yoki jamoa bo‘lib musobaqalashadi, bajarilgan zarba usullariga qo‘yilgan baholarga qarab g‘oliblar aniqlanadi. Xalqaro Karate federatsiyasi (WUKO)ga 1968 yilda asos solingan. U 157 milliy federatsiyani birlashtiradi (2002), O‘zbekiston milliy Karate federatsiyasi unga 1996 yilda kirgan. 1970 yildan jahon chempionatlari o‘tkazib kelinadi (har 2 yilda).
Karate Osiyo, Lotin Amerikasi mamlakatlari, AQSh, Ispaniya, Frantsiya va boshqa davlatlarda taraqqiy etgan. O‘zbekistonda Karate 20-asrning 80-yillaridan ommalasha boshladi. 1995 yilda respublika Karatechilari bitta federatsiyaga birlashdi (Karateda 4 ta yo‘nalishda musobaqalar uyushtiriladi). Federatsiyaning barcha viloyatlarda bo‘limlari bor.
O‘zbekistonda 60 mingdan ko‘proq kishi Karate bilan shug‘ullanadi, 40 dan ziyod Karate klublari ro‘yxatdan o‘tgan (2002). Nurxon Nafasov, Alisher Sodikov, Mixail Golovanov kabi tajribali murabbiylar qo‘l ostida shug‘ullangan Ilhom Karimov, Otabek Qosimov, Sofiya Kaspo‘latova, Doniyor Xolmatov, Azamat Ali Qalandarov singari Karatechilar jahon kubogi va Osiyo chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni egallashgan.