Qilichbozlik
Qilichbozlik - sport turi, qoida asosida tig‘li sport qurollari — rapira, qilich, shamshir (shpaga) vositasida yakkama-yakka o‘tkaziladigan musobaqa. Sportchilar maxsus to‘rli niqob, himoya vositasi bor oq kiyim va qo‘lqop kiyadi. Berilgan turtki (ukol)larni qayd etish uchun rapira va qilich musobaqasida kiyim, shamshir musobaqasida shamshirning o‘zi elektron tizimga ulanadi. Rapira (uzunligi 110 sm; og‘irligi 500 g) musobaqasida kiyilgan metall nimchaga, qilich (105 sm; 500 g) musobaqasida gavdaning beldan yuqori qismiga, shamshir (110 sm; 770 g) musobaqasida gavdaning barcha qismiga turtki beriladi. Musobaqalar eni 2 m, uzunligi 14 m yo‘laqda 3 minutdan 3 davra (tanaffus 1 minutdan) 5 -15 turtkigacha olib boriladi. Davrada hisob teng bo‘lib qolsa, qur’a tashlanadi va qo‘shimcha belgilangan 1 minut vaqt ichida birinchi turtki bergan sportchi g‘olib sanaladi.
Agar tomonlar turtki bera olmasa, g‘olib tashlangan qur’aga ko‘ra aniqlanadi. Qilichbozlik qadimdan kishilik jamiyati turmush tarzining bir qismi bo‘lgan, sport turi sifatida esa 15 -16-asrlardan Ispaniya va Italiyada shakllana boshlagan. 1517 yil italiyalik A.Marotstsi Qilichbozlik bo‘yicha ilk o‘quv qo‘llanmasini yaratdi. 17-asr oxirlarida Frantsiyada Qilichbozlik qoidalari ishlab chiqildi va musobaqalar o‘tkazildi. 1896 yildan Qilichbozlik olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgan. 1913 yilda Xalqaro Qilichbozlik federatsiyasi (G‘1E) tuzildi, unga 120 davlat (O‘zbekiston 1992 yildan) a’zo (2005). 1937 yildan Qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazib kelinadi.
Qilichbozlik AQSh, Vengriya, Germaniya, Italiya, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Frantsiya, Xitoy kabi davlatlarda keng rivojlangan. O‘zbekistonda Qilichbozlik sport turi sifatida 20-asrning 50-yillaridan ommalashdi. 1954 yildan Qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkaziladi. Respublikada Qilichbozlikning rivojlanishida Kseniya Tojiyeva, Iosif Markin, Dmitriy Itsenko, Po‘lat Abdurazzoqov, Igor Artishkin, Shavkat Turdiqulov kabi murabbiylar katta hissa qo‘shishdi. Sobir Ro‘ziyev, Aleksandr Paraxin, Vitaliy Logvin, Valeriy Zaxarevich, Svetlana Filimonova, Anisa Petrova, Baxtiyor G‘aniyev, Dilorom Karimqulova singari qilichbozlar olimpiada o‘yinlari, jahon chempionati va boshqa nufuzli musobaqalarda sovrindor bo‘lishgan. Hozirgi kunda O‘zbekistondagi 13 ta Qilichbozlikka ixtisoslashgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi va to‘garaklarda 46 nafar murabbiy qo‘l ostida 648 kishi (189 nafari ayol) Qilichbozlik bilan shug‘ullanadi (2005).