Regbi

Regbi - (Angliyaning Regbi shaharchasi nomidan) - sport o‘yini. 2 jamoa (har biri 15 kishidan) uzunligi 27-29 sm bo‘lgan tuxumsimon shakldagi to‘p bilan Nsimon darvozali maxsus maydonchada (kattaligi 95-100x65-68 m) o‘ynaydi. O‘yin (40 minutdan 2 taym davom etadi)dan maqsad - to‘pni bir-biriga qo‘lda (orqaga) yoki oyoqga (xohlagan yo‘nalishda) oshirib, uni raqib maydonidagi darvoza chizig‘i orqasiga tushirish yoki darvozaga kiritishdan iborat. Raqibni ushlab yoki yelka bilan turtib yiqitib, unga halaqit berish mumkin.

 

O‘yin qoidasi buzilganda «olishuv» - to‘p talashish belgilanadi. Ko‘p ochko to‘plagan jamoa (to‘pni yerga tegizish - 4 ochko, tupni darvozaga kiritish - 3 yoki 2 ochko) yutgan hisoblanadi. Bu o‘yin Qadimgi Xitoy va Qadimgi Rimda tarqalgan. Zamonaviy Regbi o‘yini 1823 yilda Angliyada paydo bo‘ldi. 1888 yilda Regbi bo‘yicha xalqaro musobaqa o‘tkazildi. 1900, 1908, 1920, 1924 yilda Regbi Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritildi. Regbi Xalqaro havaskorlar federatsiyasi FLRA (1934 yil tuzilgan)ga 40 dan ortiq mamlakat a’zo. 1960 yildan FLRA Kubogi (norasmiy jahon chempionati) o‘tkaziladi. Regbi sporti O‘zbekistonda 1969 yil «Lokomotiv» jamiyati huzurida vujudga keddi. 1970-71 yillarda Toshkent politexnika institutida Regbichilar jamoasi tashkil qilindi. 1982-91 yillarda Regbi buyicha Jonibekov kubogi musobaqalari o‘tkazildi. O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro musobaqalar (1988, Buyuk Britaniya, 1989, Koreya Respublikasi)da ishtirok etdi.

 

O‘zbekistonda regbining rivojlanish tarixi.

O‘zbekistonga regbining kirib kelishining rasmiy tarixi 1969 yildan boshlanadi. Bu vaqtgacha bu sport turi tashabbuskorlari o‘zaro yig‘ilishib, turli yalangliklarda o‘z mashg‘ulotlarini o‘tkazib keldilar. 

O‘zbekistonda regbining rasmiy sport turiga aylanishining asoschisi bo‘lib Vali Tojiyev hisoblanadi. 1969 yili Toshkent shahridagi Politexnika institutida asosini ushbu OO‘Yu talabalari va xodimlari tashkil qilgan “Politexnik” jamoasi rasman ro‘yxatga olindi. 

1970 yildan 1975 yilgacha asta-sekin turli jamiyatlarda «Lokomotiv» (Toshkent sh.), «Start» (Toshkent sh.), «Spartak» (Toshkent sh), «Stroitel» (Toshkent sh), «Neftyanik» (Farg‘ana sh.), «Fakel» (Farg‘ona sh.), «Shovot» (Urganch sh.) jamoalari yaratildi va ayna shu yillari «Politexnik» jamoasi SSSR Chempionatining 1-ligasida qatnasha boshladi.

1980 yili yana bitta jamoa – Harbiy havo kuchlarining SKA jamoasi yaratildi va u SSSR Qurolli kuchlari chempionatida, 1981 yildan esa SSSR Chempionatining 1-ligasida qatnasha boshladi. 

1980 yildan O‘zbekistonda “Kosmanavt Jonibekov nomidagi kubok” o‘tkazila boshlandi, unda sobiq Ittifoqning eng kuchli jamoalari ishtirok etdilar. Yana shu vaqtda har bir klubda barcha yosh toifalari bo‘yicha bolalar-o‘smirlari jamoalari ochildi, ular “Oltin oval” sovrini uchun Butunittifoq musobaqalarida ishtirok eta boshladilar.

1983 yili “Zvezda” (Toshkent) jamoasi yaratildi, u SSSR Qurolli kuchlari chempionatida qatnasha boshladi. 1984 yildan 1990 yilgacha sobiq Ittifoq qurolli kuchlari Chempionatlarida qatanashdi va ularda sovrinli o‘rinlarni egalladi. 1985 yili “Zvezda” jamoasining 21 yoshgacha bo‘lgan o‘yinchilari sobiq Ittifoq yoshlar chempionatida g‘olib chiqdilar. 1988 yili jamoa birinchi liga jamoalari o‘rtasida g‘olib chiqdi va SSSR chempionatining oliy ligasida o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi hamda chempionatdagi yetakchi o‘rinlarni egallaydi. 

Har bir klubda barcha yosh toifalari bo‘yicha bolalar-o‘smirlar jamoalari faoliyat olib bordilar va ular zahira tayyorlash bilan shug‘ullandilar. 
SSSR chempionatida O‘zbekistondan 5 ta jamoa ishtirok etdilar:
Ø Oliy liga – «Zvezda» Toshkent
Ø Birinchi liga – «Politexnik» Toshkent, «Fakel» Farg‘ona, «Shovot» Urganch, HHK SKA (Toshkent), Bu vaqtga kelib O‘zbekistonda o‘nlab “SSSR sport ustalari” va “Xalqaro toifadagi sport ustalari” tayyorlandi. Turli vaqtlarda O‘zbekiston klublarining 10 ta o‘yinchisi sobiq Ittifoq terma jamoasi tarkibiga chaqirildilar. 
1990 yili “So‘g‘diyona” ayollar jamoasi yaratildi va Toshkentda ayollar jamoalari o‘rtasida “Osiyo ligasi” muntazam ravishda o‘tkazila boshlandi, unda sobiq Ittifoqning barcha respublikalaridan 10 ta jamoa ishtirok etdilar.

Sobiq Ittifoqning parchalanishi O‘zbekistonda regbining rivojlanishiga kuchli zarba bo‘ldi. 1991 yildan keyin 3-4 yil ichida jamoalardagi murakkab iqtisodiy muammolar tufayli ko‘pgina yetakchi o‘yinchilari o‘z sport faoliyatlarini xorijiy klublarida davom ettirish uchun ketib qoldilar, moliyalashtirishning barham topishi esa o‘z navbatida murabbiy kadrlarning ketib qolishiga olib keldi. 

Regbining ikkinchi tug‘ilish yili sifatida 2001 yilni hisoblash mumkin. Regbi faxriylari va qolgan murabbiylardan iborat tashabbus guruhi yaratildi, u O‘zbekistonda regbini qayta tiklashga qaror qildi. Toshkent shahrida regbi federatsiyasi ochildi, u nafaqat Toshkent shahrida, balki O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham regbini rivojlantira boshladi. Jizzax, Yangiyer, To‘raqo‘rg‘on, Chirchiq, Samarqand shaharlarida jamoalar yaratildi.

2002 yildan boshlab ayollar terma jamoasi Osiyo chempionatida ishtirok eta boshladi, 2006 yili O‘zbekiston ayollar jamoalari o‘rtasida Osiyo chempionatini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi, unda O‘zbekiston jamoasi bronza medali uchun kurashda juda kuchli bo‘lgan Gongkong terma jamoasiga qo‘shimcha vaqtda imkoniyatni boy bergan holda 4-o‘rinni egalladi. 2008 yili qizlarimiz Osiyo chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdilar, shu yili regbi bo‘yicha erkaklar terma jamoasi Osiyo chempionatidagi o‘z ishtirokini boshladi.

2006 yili regbi federatsiyasi ARFU (Osiyo regbi ittifoqi) ning to‘liq huquqli a’zosiga aylandi va shu yildan boshlab IRB (Xalqaro regbi kengashi) ning assotsiatsiyali a’zosi hisoblanadi. 2014 yilning 14 mayidan O‘zbekiston IRB ning to‘liq huquqli a’zosiga aylandi. 

Yaratilgan vaqtdan boshlab O‘zbekiston Regbi Federatsiyasi Regbi-7 bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston birinchiliklarini muntazam ravishda o‘tkazib kelmoqda, 2011 yildan boshlab esa erkaklar jamoalari o‘rtasida regbi bo‘yicha O‘zbekiston Chempionati qaytadan o‘tkazila boshlandi. 

O‘zbekistonning turli mintaqalarida bolalar va o‘smirlar sport maktablari (BO‘SM), olimpiya zahiralari bolalar va o‘smirlar sport maktablari (OZBO‘SM), olimpiya zahiralari kollejlarida regbi guruhlari yaratilmoqda. Talabalar o‘rtasida ham regbi rivojlana boshladi. Erkaklar va ayollar jamoalari yaratilmoqda. Klublar o‘z jamoalarini regbi-7 uchun ham, regbi uchun ham qo‘ymoqdalar.

Erkaklar o‘rtasida regbi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi “Besh millat kubogi” rasmiy nomga ega bo‘lgan Osiyo chempionatida ishtirok etib kelmoqda. Regbi-15 va Regbi-7 bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar milliy terma jamoasi ham Osiyo chempionatida ishtirok etmoqda. 

Ayollar o‘rtasida O‘zbekiston terma jamoasi Regbi bo‘yicha 2008 yildagi Osiyo chempionatining bronza medali sohibi hisoblanadi. 

O‘zbekistonda regbining rivojlanishiga kuchli turtki 2014 yildan boshlandi. Qaytadan tiklangan ayollar o‘rtasidagi olimpiya terma jamoasi Inchonda o‘tkazilgan 2014 yildagi Osiyo o‘yinlarida 7-o‘rinni egaladi. 

Bundan tashqari 2014 yil harbiy xizmatchilar o‘rtasida regbining qayta tiklanish yili bo‘ldi. Bu tuzilma o‘rtasidagi rebining rivojlanish dinamikasi ayniqsa quvontiradi. Agar Mudofaa vazirligi kuchlari o‘rtasida 2014 yilda o‘tkazilgan birinchi chempionatda 10 ta jamoa ishtirok etgan bo‘lsa, 2015 yilda o‘tkazilgan ikkinchi chempionatdagi saralash bosqichida 30 dan ortiq jamoa ishtirok etdilar, finalga esa 12 ta jamoa chiqdilar, ular Qurolli kuchlar chempioni unvoni uchun o‘zaro bahs olib bordilar. 

2015 yili Chinayda (Hindiston) o‘tkazilgan Asian Olympic Pre-Qualifier turniri yakunlariga ko‘ra regbi-7 bo‘yicha ayollar jamosi birinchi o‘rinni egalladi, bu esa O‘zbekistonning Braziliyada o‘tkaziluvchi Olimpiya o‘inlariga chiqish uchun kurashishiga imkoniyat beradi. 

O‘zbekistonning turli mintaqalarida bolalar regbisi bo‘yicha turli festivallar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Bolalar va kadetlar o‘rtasida regbi mashg‘ulotlarini o‘tkazish maqsadida «Get into rugby» dasturi doirasida o‘quvlar va murabbiy kadrlarni qayta tayyorlashlar muntazam ravishda o‘tkazilmoqda. 

O‘zbekiston bo‘yicha respublikaning 9 ta mintaqasida regbi federatsiyalari ochildi va faoliyat olib bormoqda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Andijon viloyati
Farg‘ona viloyati
Namangan viloyati
Toshkent viloyati
Jizzax viloyati
Samarqand viloyati
Navoiy viloyati 
Sirdaryo viloyati
Toshkent shahri (klub va jamoa vakolatxonasi)

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA AYoLLAR REGBISINING RIVOJLANISh TARIXI.

 1990 yil. O‘zbekistonda ayollar regbisi 1990 yilning 12 oktyabrida qayta tiklandi. O‘zbekiston Respublikasi bosh murabbiyi Galkin O.V. tashabbusi bilan Toshkent shahrida “SO‘G‘DIYoNA” jamosi yaratildi, u o‘sha vaqtda yagona jamoa bo‘lgan edi. 

1991 yil. U 1991 yilning martida o‘zining birinchi chiqishi va ilk sinovini boshidan o‘tkazdi, o‘shanda u regbi-15 bo‘yicha 1-Butunittifoq festivalining tashabbuskori va mezboniga bo‘lgan edi, unda jamoa sobiq ittifoq respublikalarining 12 ta jamoasi bilan kuch sinashdi va faxrli 4-o‘rin bilan o‘z muxlislarini xushnud etdi.

Ushbu jamoalar avgust oyida Tver shahrida o‘tkazilgan Xalqaro turnirda yana kuch sinashdilar, unda jamoa o‘z ko‘rsatkichini yanada yaxshiladi va bronza medalini qo‘lga kiritdi. Yil yakunida “SO‘G‘DIYoNA” jamosi Taldiqo‘rg‘onda o‘tkazilgan Qozog‘iston ochiq kubogining egasiga aylandi.

1992 yil. “Osiyo-7” ligasi tashkil qilindi, unga “Nika”, Olmaota shahrining “OZBO‘SM”, Taldiqo‘rg‘on shahrining “Olimpiya”, Novokuzetsk shahrining “Sportinvest” va MDH dagi ayollar regbisi bo‘yicha yetakchi jamoa bo‘lgan, ko‘plab xalqaro musobaqalarda qatnashgan Barnaul shahrining “Kommunalshik” jamosi, Tver shahrining “Investor”, Moskva shahrining “Slavyanka” jamoalari kirdilar.
1992 yilgi mavsum Toshkent shahrining “So‘g‘diyona” jamosi uchun juda muvaffaqiyatli bo‘ldi. Toshkentlik qizlar yuz foizlik natija ko‘rsatdilar, barcha musobaqalarda faqat g‘alaba qozondilar. Yil yakunida sport natijalarini chiqarar ekan, “Pravda Vostoka” gazetasi tahririyati “So‘g‘diyona” jamoasini O‘zbekistonning timsoliy terma jamoasi sifatida tarifladi. “Barslar” Olmaota professional klubi ham (regbi-13 da o‘ynovchi) jamoamizga eng texnikaviy jamoa sifatida kubok topshirdi.

“Osiyo” ligasi birinchiligi oktyabr oyida yakunlandi, unga ko‘ra “So‘g‘diyona” jamosi to‘rtta turda 44 ochko jamlagan holda 279:16 ga teng ajoyib to‘plar farqi bilan “Osiyo” ligasining g‘olibiga aylandi.

Chempionatdagi oltin medallar uchun “Osiyo” ligasi kubogi albatta ajoyib qo‘shimcha bo‘lar edi, shuning uchun ham “Osiyo” ligasi chempionlari ushbu sovrinni ham boshqalarga berganlari yo‘q. “So‘g‘diyona” jamoasi tomonidan 1992 yil sovrinlar kolleksiyasi: Rossiya, Qozog‘iston, Yettisuv, O‘zbekiston kuboklari jamlandi.

Mavsumning eng yaxshi o‘yinchilari sifatida jamoaning yetakchilarini tan olindi: Mastel L. – himoyachi, Kabanova S. – himoyasi, to‘purar (uning natijasi – 136 ochko) mavsumning eng yorqin ko‘rsatkichi.

1993 yil. “So‘g‘diyona” yana o‘zining eng kuchli ekanligini isbotladi va Rossiya, Qozog‘iston, Yettisuv, O‘zbekiston kuboklari yutgan holda o‘zining avvalgi yilgi muvaffaqiyatini takrorladi.

1994 yil. “So‘g‘diyona” jamoasi o‘yinchilari Voronenko N., Pevzner O., Solodovnik Ye., Kabanova S., Pevzner Ye. terma jamoa tarkibida Shotlandiyada o‘tkazilgan 1-Jahon kubogida ishtirok etdilar.

Yuqorida aytib o‘tilgan xizmatlari uchun “So‘g‘diyona” o‘yinchilari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari Vazirligi tomonidan O‘zR Sport ustasi unvonlari bilan taqdirlandilar.

“So‘g‘diyona” jamoasining tarkibi: Zaxarova Ye., Pevzner O., Voronenko N., Zaxarova R., Pevzner Ye., Boltodano I., Mastel L., Zuyeva A., Kabanova S., Rusakova N., Zamanova L., Shevchenko N., Polyakova S., Bigildina E., Baranova T., Babayans T., Solodovnik Ye., Ando Ye., Kutsilo I.

2001 yil. Deyarli 10 yilga yaqin bo‘lgan uzoq tanaffusdan keyin 2001 yilning 5 noyabrida Toshkent shahrining “Gloriya” jamoasi qaytadan yaratildi, u “So‘g‘diyona” jamoasining davomchisi hisoblanadi. “Gloriya” jamoasi hozirgi vaqtda Respublika terma jamoasi uchun tayanch jamoa hisoblanadi va u O‘zbekiston Respublikasining 8 karra chempionidir. 

Regbi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Gonkong (Gonkong), Olmaota (Qozog‘iston), Singapur (Singapur), Toshkent (O‘zbekiston), Doxa (BAA), Pataya (Tailand), Guanchjouda (Xitoy) o‘tkazilgan Osiyo chempionatlarining ishtirokchisi hisoblanadi, ularda jamoa yildan-yilga tajriba to‘plab bordi va o‘z natijalarini yaxshiladi.

2008 yil. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi uchun eng muvaffaqiyatli yil. U shu yili quyidagi sovrinlarni qo‘lga kiritdi:
• Vali Tojiyev xotiraga bag‘ishlangan musobaqaning bronza medali
• Regbi-15 bo‘yicha Osiyo chempionatining (Taraz shahri, Qozog‘iston) bronza medali
• Regbi-7 bo‘yicha Moskva viloyati kubogining kumush medali (Pushkin sh.)
2009 yil. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi quyidagi sovrinlarni qo‘lga kiritdi:
• Vali Tojiyev xotiraga bag‘ishlangan musobaqaning kumush medali.
• Patayada o‘tkazilan regbi-7 bo‘yicha Osiyo chempionatida 14 ta jamoa o‘rtasida 4-o‘rin.

2010 yil. Bu yil terma jamoa uchun unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Avlodlar almashinuvi va jamoadan yetakchi o‘yinchilarning ketishi tufayli Guanchjouda (Xitoy) o‘tkazilgan Osiyo chempionatida yosh, yangilangan tarkib qatnashdi. Asosiy tarkibning ko‘pchilik o‘yinlarida xalqaro o‘yinlardagi tajribaning yetishmasligi tufayli O‘zbekiston terma jamoasi garchi o‘z guruhidan chiqa olgan bo‘lsada, undan keyingi bosqichda muaffaqiyatga erisha olmadi. Yakunda u Osiyoning eng kuchli jamoalari o‘rtasida sakkizinchi o‘rinni egalladi. 

2011 yil. Moliyalashtirish byujetining kamaytirilishi tufayli regbi-7 bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi birorta ham reytingli xalqaro musobaqaga, jumladan Osiyo chempionatiga ham qatnasha olmadi. Terma jamoaning musobaqalarda ishtirok etmasligi barcha reyting o‘rinlarining yo‘qotilishiga olib keladi. 

2012 yil. Ayollar terma jamoasining klassik regbi (regbi-15) bo‘yicha xalqaro musobaqalar va regbi-7 bo‘yicha 2 ta reytingli musobaqada ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. 

Fotosuratlarda: 
Rossiya kubogi, 1992 yil, Barnaul sh. (Rossiya Federatsiyasi)


Chapdan o‘ngga yuqori qator: murabbiy Chervyakov B.V., Bigildina E., Baranova T., Pevzner O., Kabanova S., Zaxarova R., st. trener Galkin O.V., Mastel L. Quyi qator: Zuyeva A., Pevzner Ye., Zaxarova Ye., Voronenko N.

Regbi-15 bo‘yicha Osiyo chempionati, 2008 y., Taraz sh. (Qozog‘iston Respublikasi), Bronza medali


Chapdan o‘ngga yuqori qator: O‘zbekiston Regbi federatsiyasi bosh kotibi Fadin S.V., Kamoldina L., Shafiqova I., Maksimova O., Balabanova A., Asfandiyarova A., Xasanova M., Abdulrasulova D., Sanjapova R., Saydaripova A., Brodovikova Yu., Mogilina Ye., katta murabbiy Galkin O.V., Turbina Yu. 
Quyi qator: Kuvatova S., Ochilova L., Kiryanova A., Umarova I., Abdulgafurova E., Abulkasimova Yu.

Поделиться