Tennis

Tennis ikki kishi yoki ikki kishilik ikki guruh orasida oʻynaladigan sport oʻyinidir. Oʻyinchilari toʻrli raketka bilan rezina toʻpchani raqibining maydoniga urib tushirishlari kerak. XIX asr oxirida Yevropada paydo boʻlgan bu oʻyin tezda dunyoga tarqaldi. Millionlar oʻyini boʻlmish tennis Olimpiya Oʻyinlari qatoriga kiritilgan."Qirollar o`yini" hisoblanadi. Tennisni muntazam o`ynash ko`z uchun doimo foydali hisoblanadi. Shuning uchun Yevropada uni boy va mansabdorlar sevib o`ynashadi.

Tennis - sport turi, movut qoplangan rezina koptok raketka yordamida urilib oʻynaladi. Koptokning diametri 6,35-6,67 sm, ogʻirligi 56,7g. Yogʻoch, yengil metall yoki plastmassadan har xil oʻlchamda tayyorlangan raketkalar ogʻirligi 255-400 g. Oʻyin kortning orqa chizigʻidan raqibning toʻrga yaqin maydonchasiga koptokni xatosiz uzatish bilan boshlanadi. Koptok maydonga tegib sakragandan keyin raqib uni qaytaradi (oʻyin davomida ham koptokni ikkinchi sakragandan keyin olishga ruxsat etilmaydi, faqat ikkinchi zarbadan boshlab koptokni kortga tushirmasdan ham qaytarish mumkin). Geymda hisob 15:0, 30:0, 40:0 va h.k. tarzda yuritiladi, agar 40:40 hisobi — "teng" qayd etilsa, keyingi ochkoni yutgan "koʻp", yutqizgan "kam" boʻladi. "Koʻp"dan keyin ochkoni yutgan geymni ham yutadi. Setda olti geym (6,0...6:4) yutish lozim, bordiyu hisob 6:5 boʻlsa, oʻyin davom ettiriladi. 12 geymdan keyin hisob 7:5 boʻlsa, gʻolib aniqlanadi. Agar 6:6 hisobi qayd etilsa, "taybreyk" oʻynaladi. "Taybreyk"da gʻolib chiqish uchun 7 ochko toʻplash zarur, agar hisob 7:6 boʻlib qolsa, oʻyin qaysidir tomonning ikki ochko oʻzib ketishigacha davom etadi.

Erkaklar oʻyinida eng koʻp setlar miqdori - 5, ayollarda -3 ta. Tennis musobaqalari yakkalik, juftlik va aralash (bir erkak va bir ayol) tarzida tashkil qilinadi.

Tennisga oʻxshash oʻyinlar dastlab Misrning Tinis (Tanis) shahrida paydo boʻlgan degan taxmin ham mavjud. Bu oʻyin 13- 14-asrlarda Italiya, Fransiya, Angliyada ommalashdi. Fransiyada rohiblar 5 tadan boʻlib kaftlarida Tennisga oʻxshash oʻyin oʻynashgan. 16-asrdan boshlab oʻyinda dastlabki raketkalar qoʻllanildi. Zamonaviy Tennis qoidalarini angliyalik Volter Uingfild ishlab chiqqan (1874). Shu qoidalar asosida "Uimbldon" turniri (Angliya) 1877 yildan, AQSH ochiq chempionata 1881 yildan, "Rollan Garros" turniri (Fransiya) 1891 yildan, Avstraliya ochiq chempionati 1905 yildan oʻtkazilib kelinadi (hozirgi kunda bu musobaqalar "Ulkan toj" musobaqalari deyiladi).

Tennis 1896 yili Olimpiada oʻyinlari dasturiga kiritilgan. Amerikalik Duayt Filli Devis tashabbusi bilan 1900 yildan jamoalar oʻrtasida norasmiy jahon chempionati hisoblanmish Devis kubogi oʻtkaziladi. 1912 yil xalqaro launtennis federatsiyasi (ILTF)ga asos solindi (1977 yilda Xalqaro tennis federatsiyasi — ITF deb oʻzgartirildi). 1965 yilda Xalqaro professional tennischilar assotsiatsiyasi (1ART) tuzildi, U 1972 yilda Professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATR)ga aylantirildi. ATR har yili 4 toifaga boʻlingan 77 ta musobaqa oʻtkazadi. 1963 yilda Ayollar tennis assotsiatsiyasi (WTA) tashkil qilindi. Hozirgi kunda WTA 54 ta musobaqa tashkilotchisidir (2004). Tennis AQSH, Avstraliya, Argentina, Buyuk Britaniya, Germaniya, JAR, Ispaniya, Fransiya kabi davlatlarda yaxshi rivojlangan. Byorn Borg (Shvetsiya), Jon Makinroy (AQSH), Ivan Lendl (Chexiya), Boris Bekker (Germaniya), Pit Samprass (AQSH), Martina Navratilova (AQSH), Shteffi Graf (Germaniya), Martina Xingis (Shveysariya) kabi Tennis ustalarining nomi mashhur.

Oʻzbekistonda Tennisga oʻxshash oʻyinlar qadimdan oʻynalgan. Xususan, "bir tayoq" xalq oʻyinida Tennisga xos jihatlar mavjud. Zamonaviy Tennis Oʻzbekistonga 20-asrning boshlarida kirib keldi. Mamlakat miqyosidagi musobaqalarda V. Pushkarev, Sh. Chebatarev, S. Obidov, R. Yalalova kabi tennischilar muvaffaqiyatli qatnashib, sport ustasi talabini bajarishdi. Respublikamizda Tennis 20-asrning soʻnggi oʻn yilligidan boshlab keskin rivojlandi. Mustaqillikka erishgan Oʻzbekistonning deyarli hamma shaharlarida zamonaviy Tennis kortlari bunyod etildi. Toshkent, Fargʻona, Samarqand, Namangan, Andijon shaharlaridagi bu sport inshootlarida tennischilar va Tennis muxlislari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. 1992 yilda Oʻzbekiston federatsiyasi tuzildi va oʻsha yili ITF aʼzoligiga qabul qilindi. 1994 yildan Oʻzbekiston Devis kubogi musobaqalariga qo’shildi, tennischilarimiz Osiyo oʻyinlari, qitʼa chempionatlari, olimpiada va boshqa xalqaro musobaqalarda ishtirok eta boshladilar. Toshkentda professional tennischilar oʻrtasida "Prezident kubogi" xalqaro musobaqasining oʻtkazilishi (1994 yildan) Oʻzbekistonda bu sport turining yuksalish davrini boshlab berdi.

Keyinroq bu musobaqa ATR tur doirasiga kiritildi va jahonning eng kuchli tennischilari Oʻzbekiston poytaxtiga tashrif buyurishdi. 1996 yilda Toshkentda ayollar oʻrtasida Chellenjer musobaqalariga asos solindi va u WTA turkumidagi musobaqalar orasidan joy oldi. Viloyat markazlarida ham Fyuchers, Chellenjer musobaqalari oʻtkazila boshlandi. 1997 yildan rahbar havaskor tennischilar oʻrtasida "Havas" musobaqalarining boshlanishi Tennisning yanada ommalashuvida muhim rol oʻynadi. Vazirlar Mahkamasining "Oʻzbekiston Respublikasida tennisni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida" (1997 yil 25 avgust) va "Oʻzbekiston Respublikasida tennisni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi (1998 yil 11 sentabr) qarorlari Tennisning taraqqiyotiga qulay shart sharoit yaratdi. 1998 yil 20 martdan "TennisQ" gazetasi chiqarila boshlandi. 2001 yildan Devis kubogi tartibi boʻyicha viloyat jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston kubogi musobaqalari oʻtkazilyapti. Mamlakatning barcha viloyatlarida respublika Tennis federatsiyasining boʻlimlari bor. 47 ta Tennis klubi, Tennisga ixtisoslashgan 76 ta bolalar oʻsmirlar sport maktablari faoliyat koʻrsatyapti. Oʻzbekistonda 15 mingdan ziyod kishi Tennis bilan shugʻullanadi, ularga 241 murabbiy saboq beradi (2004). I. Toʻlaganova, V. Kutsenko, O. Ogorodov, I. Isroilova, O. Omonmurodova Osiyo oʻyinlari, qitʼa chempionati, universiada, xalqaro musobaqalarda gʻolib sovrindor boʻlishdi. Bu tennischilarning gʻalabasida V. Pushkarev, A. Yolxin, F. Sultonbekov, H. Shafikrv kabi murabbiylarning hissasi bor.

 

Поделиться