Chim ustida xokkey
Chim ustida xokkey maydonining o‘lchami 91,4x55 m, klyushkasining og‘irligi 652—794 g., to‘pining og‘irligi 156—163 g., o‘yin vaqti 90 min. (45 min.dan 2 bo‘lim). Musobaqalashayotgan 2 jamoada 11 tadan o‘yinchi qatnashadi. Chim ustida xokkeyga o‘xshash o‘yinlar milloddan 2 ming yil avval ham Misr, Yunoniston, O‘rta Osiyo va boshqa joylarda mavjud bo‘lgan. O‘rta Osiyoda chorvadorlar o‘rtasida avval tosh bilan o‘ynaladigan podachi, keyinroq ot minib o‘ynaladigan chavg‘on ommalashgan. Chavg‘on Boburiylar saltanati davrida Hindistonda keng tarqalgan.
19-asrning 2-yarmida Buyuk Britaniyada chim ustida xokkey klublari tuzildi. 1875 yilda London xokkey uyushmasi tomonidan chim ustida xokkeyning zamonaviy o‘yin qoidalari ishlab chiqildi. Bu qoida 1907 yilda tasdiqlandi. Chim ustida xokkeyning erkaklar musobaqasi 1908 yildan, ayollar musobaqasi 1920 yildan olimpiada dasturiga kiritilgan. 1924 yilda Xalqaro xokkey federatsiyasi (FIH) tashkil etilgan, unga 120 davlat a’zo (2003). Bu federatsiya 1970 yildan erkaklar o‘rtasida, 1973 yildan ayollar o‘rtasida jahon chempionatlari o‘tkazadi. Chim ustida xokkey Hindiston, Pokiston, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gollandiyada rivojlangan.
O‘zbekistonda chim ustida xokkey 20-asrning 70-yillaridan ommalasha boshladi. 1972 yilda Andijonda dastlabki chim ustida xokkey jamoasi tuzildi. 1973 yildan erkaklar, 1975 yildan ayollar o‘rtasida chim ustida xokkey musobaqalari o‘tkazila boshlandi. Respublikada chim ustida xokkeyga ixtisoslashgan 10 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi bor, ularda 45 nafar murabbiy qo‘l ostida 1200 nafardan ziyod o‘quvchi shug‘ullanadi (2004). Miriman Kim, Oybek Patiddinov, Rinat Mamatkazin, Liliya Mutalapova kabi mahoratli murabbiylar yetakchi xokkeychilarni tarbiyaladi. Ayniqsa, ayol xokkeychilar yuqori natijalarga erishdi. Valentina Zazdravnix, Nelliko Gorbatkova, Laylo Axmerova va Alina Xam olimpiada o‘yinlari bronza medali sovrindorlaridir (1980, Moskva). O‘zbekiston chim ustida xokkey ayollar terma jamoasi Osiyo o‘yinlari va jahon kubogi finalida qatnashgan.
