Mototsikl sporti
Mototsikl sporti - sportning texnik turi, mototsikl bilan o‘tkaziladigan musobaqalar. Motodrom, shosse, trek, otchoparlarda tezlikka erishish (poyga), past baland joylarda hayday bilish (kross), yonilg‘ini tejash, sun’iy g‘ov qo‘yilgan joylar va shahar harakati sharoitida rul boshqarish, turli o‘yinlar namoyish qilish, tepalikka ko‘tarilish, chuqurlikka sho‘ng‘ish kabilardan iborat.
Dastlab 1895 yil Parij - Bordo - Parij yo‘nalishi bo‘yicha avtomobil poygasi bilan birgalikda tosh yo‘lda birinchi bor mototsikl poygasi ham o‘tkazilgan. Xalqaro federatsiya - FIM (1904 yil asos solingan, O‘zbekiston sportning texnik turlari respublika markazi unga 1994 yil qabul qilingan) 60 dan ortiq mamlakatni birlashtiradi. 1924 yildan jahon, 1936 yildan Yevropa chempionatlari o‘tkazib kelinadi.
O‘zbekistonda Mototsikl sporti 20-asr 40-yillarining oxiri 50-yillarining boshida ommalasha boshladi. O‘zbekiston sportning texnik turlari respublika markazi mamlakatda Mototsikl sportga boshchilik qiladi. Mototsikl sport uchun ko‘plab sport inshoootlari bunyod etilgan. Jizzaxdagi «Navro‘z buloq» avtomotodromi, Surxondaryo viloyatidagi «Qizil mozor» (Jarqo‘rg‘on), Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatining «NGMK», Olmaliqdagi «Qalmoqqir», Zarafshon shahridagi «Zolotinka», Samarqanddagi «Motodrom-Ulug‘bek», Toshkent shahridagi «Yunusobod», Farg‘ona shahridagi sport majmui motodromlari va boshqalar. Moto trassalar Mototsikl sport turlariga ixtisoslashtirilgan. 25 dan ortiq sport klub jamoalari O‘zbekiston chempionati va kubok musobaqalarida qatnashadi. Mototsikl sportni bolalar o‘rtasida keng yoyishga alohida e’tibor beriladi. Bolalar 9 yoshdan boshlab Mototsikl sport bilan shug‘ullanishi va musobaqalarda qatnashishi mumkin.
O‘zbekiston sportchilari xalqaro musobaqalarda, Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston chempionatlarida muntazam ishtirok etadi. 1992 yildan buyon O‘zbekistonda har yili motokross bo‘yicha ko‘p bosqichli respublika chempionati, «Enduro» bo‘yicha O‘zbekiston chempionati, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo kubogi musobaqalari o‘tkaziladi. Sportning texnik turlari respublika markazi har yili o‘zining «Supermotokross» sovrini uchun kross tashkil qilish bilan sport mavsumini ochadi.
