Parashyut sporti

Parashyut sporti - aviatsiya sporti turi. Parashyut sportida turli uchish apparatlaridan (samolyot, vertolyot, planyor, dirijabl, aerostat va b.) parashyutda sakraladi. Zamonaviy Parashyut sporti musobaqalari dasturiga quyidagilar kiradi:

600 - 1500 m balandlikdan radiusi 10 m li nishon doirasiga yakka va guruhli bo‘lib sakrab yerga aniq qo‘nish;

2000 m balandlikdan yakka holda sakrab havoda akrobatik figuralar kompleksini bajarish;

2400 m dan erkin tushish paytida estafeta tayoqchalarini uzatish va nishon doiraga aniq qo‘nish mashqi bajariladigan guruhli bo‘lib kompleks sakrash;

2400—4000 m balandlikdan erkin tushishda muayyan figuralar yasab guruxli bo‘lib akrobatik sakrash;
yerga aniq qo‘nish;

kichik kalibrli miltiqdan otish, kross, suzishni o‘z ichiga oluvchi parashyut ko‘p kurashi.

Xalqaro aviatsiya federatsiyasining parashyut komissiyasi - SIR (1950 yil tuzilgan)ga 50 dan ortiq, mamlakat a’zo. 1951 yildan jahon, 1975 yildan Yevropa chempionatlari o‘tkaziladi. O‘zbekistonda Parashyut sporti 1934 yil vujudga kelgan. Shu yili Toshkent aeroklubi o‘z faoliyatini boshlagan edi. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda 12000 dan ortik, parashyutchilar tayyorlandi.

Toshkent aeroklubidan tashqari mamlakatda yana 3 ta aviatsiya sport klubi (Andijon, Zarafshon, Samarqand) bor. Parashyutchilarning har yili «Oq oltin» musobaqalari hamda faxriylarning an’anaviy match uchrashuvlari o‘tkazib turiladi. 1993 yil Farg‘ona shahri parashyutchilari Vena (Avstriya)da o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda, O‘zbekiston terma jamoasi (T.Azizbekova, N.Trofimova, S.Richkova, T.Girdyuk, N.Skulkina) parashyut ko‘p kurashi bo‘yicha xalqaro musobaqalar (Volgansk shahri)da 3-o‘rinni egalladi. O‘zbekistonlik V.Krestyannikov jahon, E.Eskanderov Yevropa chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan, A.Fasxutdinov, A.Konisheva, L.Abduraxmonov, V.Koroteyeva va boshqa o‘zbekistonlik jahon rekordchilari hisoblanadi.

Поделиться