Turon yakka kurashi
Turon yakka kurashi - milliy sport turi. Turkiy xalqlar jang qilish san’ati namunasi sifatida qadimdan mashhur bo‘lgan. Bu turdagi yakkamayakka kurashish usuli Amir Temur davrida takomiliga yetgan. «Turon» yakka kurashining zamonaviy qonun-qoidalarini xalqaro miqyosdagi sport ustasi B.Saidov ishlab chiqdi (1991). Kurashchilar peshonaband belbog‘ bog‘lab, yaktak, keng ishton kiyib musobaqalashadilar. Raqiblar maydonga chiqqanda qo‘llarini yuqoriga ko‘tarib, bir-birlariga kaftlarini ko‘rsatishadi. Bu «ko‘rib qo‘y, qo‘limda hech narsa yo‘q, halol kurashaman» degan ma’noni bildiradi. «Turon» yakka kurashining ikki: jang va erkin mashq yo‘nalishi bor.
Jang yo‘nalishi bo‘yicha bellashuv 2 qismdan iborat bo‘lib, har bir qismi 5 minutdan bo‘ladi, katta yoshdagi sportchilar uchun 1 raund 5 minutni tashkil qiladi. Qolgan yoshdagilar uchun 1 raund 2-3 minut. davom etadi. Bu yo‘nalishda g‘alaba va sof g‘alaba bor. G‘alaba raqibiga ko‘p zarba berib eng ko‘p ball yiqqan o‘yinchiga, sof g‘alaba esa raqibi zarba olganda gangisa, behol holatga tushib qolsa yoki bo‘g‘ma usuli bilan yutganda berilishi mumkin. Erkin mashq yo‘nalishi bitta va bir necha sportchi (jamoa) bilan bajariladigan mashqlar bo‘lib, 1,5 minut davom etadi. Mashqlar buyumsiz va buyumlar bilan bajariladi. Eng ko‘p ball to‘plagan o‘yinchi yoki jamoa g‘olib chiqadi. Qilich, gimnastika tayog‘i, arqon kabi buyum bilan bajariladigan ko‘rgazmali mashqlar bilan chiqishlari mumkin. U sportchining texnik usullarni qanchalik egallaganligi va jismoniy chiniqqanligini namoyish etadi. Bu chiqishlar ham ball bilan baholanadi.
O‘zbekistonda «Turon» yakka kurashi federatsiyasi tuzilgan (1995). Har yili Toshkent shahri birinchiligi va O‘zbekiston chempionati musobaqalari o‘tkaziladi. «Turon» yakka kurashi «Alpomish o‘yinlari» festivali dasturidan joy olgan. Bu sport turi bo‘yicha O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq kishi muntazam shug‘ullanadi. 5 xalqaro sport ustasi, 30 dan ortiq sport ustasi tayyorlandi (2004). «Turon» yakka kurashi xalqaro miqyosda tan olinmoqda. AQSh, Germaniya, Isroil, Niderlandiya, Ukraina, Latviya, Moldaviya, Belorussiya va boshqa mamlakatlarda «Turon» yakka kurashi sport sektsiyalari ochilgan. Birinchi rasmiy xalqaro turnir o‘tkazilib (1996, Toshkent), unda A.Kenjaboyev (Qozog‘iston), Ch.Mergenov (Turkmaniston), T.Fattoxrv, A.Rabinovich (O‘zbekiston), D.Juravlev (Rossiya) g‘olib bo‘lganlar.