Suv polosi

Suv polosi, vaterpolo — suvda, ya’ni to‘g‘ri burchakli hovuz (30x20 m, chuqurligi kamida 1,8 m)da to‘p bilan jamoa bo‘lib o‘ynaladigan sport o‘yini. Har jamoada 7 tadan o‘yinchi qatnashadi. Hovuzga 3x0,9 m lik 2 ta darvoza o‘rnatiladi. O‘yinning maqsadi — raqib darvozasiga iloji boricha ko‘p to‘p tushirish. Suv polosi to‘pining aylanasi 68 - 71 sm, og‘irligi 400 - 450 gr. 1967 yildan boshlab plastmassa to‘p bilan o‘ynaladi. Qoidaga ko‘ra, musobaqa sof o‘yin vaqti 5 minutdan bo‘lgan 4 bosqichda 2 minutlik tanaffus bilan o‘tkaziladi. Har qanday usulda suzish, to‘pni 1 qo‘lda olib yurish va otish mumkin (faqat darvozabongina 2 qo‘lida o‘ynaydi), qo‘lida to‘p bo‘lmagan raqibga hujum qilish man etiladi. Qoidani buzganlik to‘pni o‘yinga kiritish huquqini raqibga berish, o‘yindan chiqarib yuborish (45 sekund yoki darvoza ishg‘ol qilingunga qadar) bilan jazolanadi.

O‘yinning dastlabki qoidalarini shotlandiyalik V.Uilson ishlab chiqqan (1876). 19-asr oxiri — 20-asr boshlaridan Suv polosi Yevropa mamlakatlarida ommalasha boshladi. 1926 yil Xalqaro havaskorlar suzish federatsiyasi (FINA) huzuridagi Suv polosi qo‘mitasi tuzilgan. 1973 yildan jahon chempionati musobaqalari o‘tkaziladi. 1900 yildan Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgan.

 

O‘zbekistonda Suv polosi o‘yinlari 1946 yildan uyushtirila boshlagan. Mamlakatimizda «Mehnat», «Lokomotiv», «Spartak», «Yoshlik» va boshqa jamoalar bor. O‘zbekistan Suv polosi federatsiyasi 1993 yil tashkil etilgan. Erkin Shagayev sportning shu turi bo‘yicha olimpiada chempionidir.

 

Поделиться