Fristayl
Fristayl (inglizcha free - erkin, style - usul) - tog‘ chang‘i sporti turi. Fristaylning 3 ta turi bor: mogul, chang‘i baleta, chang‘i akrobatikasi.
Mogul - past baland trassadan tog‘ chang‘isida tez tushish;
Chang‘i baleti - tepalikdan turli shakllar (qadamlar, aylanishlar, burilishlar va boshqalar) bajarib tushish;
Chang‘i akrobatikasi - 2 metrli tramplindan bir necha akrobatik shakllarni bajarib (salto, piruetlar va boshqalar) sakrashdan iborat.
Sportchilar bajargan elementlarning og‘ir yengilligi va ijrosining aniqligi, shuningdek, artistik mahorati hakamlar tomonidan baholanadi. Fristayl chang‘ichilarning dam olish turi bo‘lgan. Tomoshabopligi uchun chang‘i bo‘yicha o‘tqaziladigan tadbirlarga kiritilgan. Fristayl bo‘yicha birinchi musobaka 1966 yilda AQShning Nyu Xampshir shahri yaqinida o‘tkazilgan. 1978 yilda Xalqaro chang‘i sporti federatsiyasi qoshida Fristayl bo‘limi ochilgan, unga 100 dan ortiq davlat a’zo (2004). Bu bo‘lim 1978 yildan jahon kubogi, 1986 yildan jahon chempionatini o‘tkazib keladi. 1992 yilda mogul, 1994 yilda chang‘i akrobatikasi olimpiada o‘yinlari dasturidan o‘rin oldi. Fristayl AQSh, Kanada, Avstraliya, Germaniya, Frantsiya va Skandinaviya davlatlarida rivojlangan.
O‘zbekistonda Fristayl 20-asrning 90-yillari boshidan ommalashdi. Vasila Semenchuk 1991 yilda jahon chempioni bo‘ldi. Uning g‘alabalarini L. Cheryazova davom ettirdi. Sergey Brener, Larisa Udodova, Irina Chernikova kabi sportchilar qita musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashishgan. O‘zbekiston Fristayl federatsiyasi 1992 yilda tuzilgan, o‘sha yili xalqaro tashkilotga qabul qilingan. Toshkentdagi qishki sport turlariga ixtisoslashgan maktabda Fristayl bo‘limi faoliyat ko‘rsatadi. 4 nafar murabbiy 800 dan ziyod shug‘ullanuvchiga Fristayldan saboq beradi.
