Txekvondo (Taekvondo)

Taekvondo (koreyscha: tae - oyoq, kvon - qo‘l, do - yo‘l, ya’ni oyoq va qo‘llarning harakat yo‘li) - sport kurashi turi. Bunda erkak va ayollar belgilangan maydonchada o‘z vazn toifalarida (himoya vositalarida) yakkama yakka olishish va maxsus mashqlarni bajarish mahoratini namoyish etish borasida yakka va jamoaviy tarzda oyoq-qo‘llarda zarbalar berish yoki zarba harakatlarini qayd etish bo‘yicha musobaqalashadilar.

Taekvondoda musobaqalar 2 yo‘nalishda - Xalqaro taekvondo federatsiyasi (ITF; 1966 yil tuzilgan, 140 dan ortiq mamlakat a’zo) va Jahon taekvondo federatsiyasi (WTF; 1973 yil tuzilgan, 140 dan ortiq mamlakat a’zo) yo‘nalishlarida tashkil etiladi. Taekvondo asli koreys xalqining kurash turi hisoblanadi. Miloddan 600 yil ilgari koreyslar jang qilish va himoyalanish vositasi sifatida uning usullarini qo‘llaganlar. Taekvondoning rivojlanishida subak, xvaran va boshqa kurash yo‘nalishlari muhim rol o‘ynadi. Taekvondoning ITF yo‘nalishiga 1955 yil KXDRda asos solingan. Bu yo‘nalishda sportchilarning boshga tepishi, beldan pastga zarba berish, umuman, tananing ruxsat etilgan qismiga ham oyoq bilan to‘liq zarba berish taqiqlangan. Shuningdek, qo‘l bilan ham kuchli zarba berishga ruxsat etilmaydi. Musobaqalar (5 ta vazn toifasida) 2 bo‘limda (har bo‘lim 2 minutdan, tanaffus - 1 minut) davom etadi. Aniq, zarbalarga ochko beriladi. Maxsus mashqlarni bajarishga ma’lum vaqt ajratiladi va ijro texnikasi baholandi. Taekvondoning WTF yo‘nalishiga 1961 yil Koreya Respublikasida asos solingan. 2000 yil taekvondo (WTF) Sidney olimpiadasi dasturidan o‘rin oldi. Taekvondo (WTF) sportchilarning qo‘l oyoqlarda tananing beldan yuqori, old qismiga zarbalar berishiga ruxsat etadi. Musobaqalar (8 vazn toifasida) sportchilarning himoya vositalarini kiygan holida tashkil qilinib, 3 bo‘limda (har bo‘lim 3 minutdan, tanaffuslar — 1 minutdan) davom etadi. Aniq zarbalarga ochko beriladi. G‘olib nokautga yoki ochkolar ko‘pligiga qarab aniqlanadi.

O‘zbekistonda taekvondo (ITF) 1989 yildan ommaviylashdi. O‘sha yili O‘zbekiston taekvondo (ITF) federatsiyasi tuzildi va ITFga qabul qilindi. Bu federatsiya 2000 yilda O‘zbekiston taekvondo (ITF) milliy assotsiatsiyasi nomi bilan qayta ro‘yxatdan o‘tdi. Uning viloyatlarda bo‘limlari tuzilgan, 40 dan ziyod taekvondo (ITF) klublari faoliyat ko‘rsatadi. 200 dan ortiq murabbiy 50 mingdan ko‘proq Taekvondochi bilan shug‘ullanmoqda (2004). O‘zbekiston Respublikasida taekvondo (ITF) musobaqalari muntazam o‘tkaziladi va o‘zbekistonlik sportchilar xalqaro musobaqalarda ham ishtirok etishadi. Po‘lat Usmonov, Valeriy Pak, Viktor Nikolayev va boshqalar taekvondo (ITF) ning O‘zbekistondagi dastlabki targ‘ibotchilari bo‘lishgan. Endilikda ular yetakchiligida Botir Mamedov, Dmitriy Nim, Nasriddin Tolipov, Shahnoza Shuhratjonova, Aleftina Kim, Moisey Nogay kabi o‘nlab sportchilar Osiyo va jahon chempionatlari, nufuzli musobaqalarda sovrindorlar qatoridan o‘rin olishdi. O‘zbekistonda 1990 yili respublika taekvondo (WTF) federatsiyasiga asos solindi. Bu federatsiya 1992 yilda O‘zbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi nomi bilan qayta ro‘yxatdan o‘tdi va 1993 yilda WTFga a’zo bo‘ldi. Uning viloyatlarda bo‘limlari bor, 10 ta shahar taekvondo (WTF) klubi, tumanlardagi to‘garaklarida 200 ga yakin murabbiy 17 mingdan ziyod Taekvondochi bilan mashg‘ulot olib boryapti (2004). O‘zbekistonda taekvondo (WTF) musobaqalari muntazam o‘tkazilyapti va sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda ham qatnashyapti. Olek Pak, Adik Li, Aleksey Kan va boshqa taekvondo (WTF) ning yurtimizdagi dastlabki targ‘ibotchilari bo‘lishgan. Yevgeniy Xan, Eduard Xegay, Ravshan Toshpo‘latov, Umid Dadaxonov, Sanjar Mansurov, Natalya Mikryukova kabi sportchilar Osiyo va jahon chempionatlari, nufuzli musobaqalarda medallarni qo‘lga kiritishgan.

Поделиться