Xokkey
Xokkey (ing. hockey) sport o‘yini. Darvozalar o‘rnatilgan maxsus maydoncha (sahn)da klyushka va to‘p (shayba) bilan jamoa bo‘lib o‘ynaladi. O‘yinchilar tomonidan raqib darvozasiga ko‘proq to‘p (shayba) kiritish maqsad qilib qo‘yiladi. Xokkeyning 3 ta asosiy turi bor: chim ustida Xokkey, muz ustida o‘ynaladigan to‘pli Xokkey, shaybali Xokkey.
Chim ustida Xokkey maydonining o‘lchami 91,4x55 m, klyushkasining og‘irligi 652—794 g, to‘pining og‘irligi 156—163 g, o‘yin vaqti 90 minut (45 minutdan 2 bo‘lim). Musobaqalashayotgan 2 jamoada 11 tadan o‘yinchi qatnashadi. Chim ustida Xokkeyga o‘xshash o‘yinlar miloddan 2 ming yil avval ham Misr, Yunoniston, O‘rta Osiyo va boshqa joylarda mavjud bo‘lgan. O‘rta Osiyoda chorvadorlar o‘rtasida avval tosh bilan o‘ynaladigan podachi, keyinroq ot minib o‘ynaladigan chavgon ommalashgan. Chavgon Boburiylar saltanati davrida Hindistonda keng tarqalgan. 19-asrning 2-yarmida Buyuk Britaniyada chim ustida Xokkey klublari tuzildi. 1875 yilda London Xokkey uyushmasi tomonidan chim ustida Xokkeyning zamonaviy o‘yin qoidalari ishlab chiqildi. Bu qoida 1907 yilda tasdiklandi. Chim ustida Xokkeyning erkaklar musobaqasi 1908 yildan, ayollar musobaqasi 1920 yildan olimpiada dasturiga kiritilgan. 1924 yilda Xalqaro Xokkey federatsiyasi (FIH) tashkil etilgan, unga 120 davlat a’zo (2003). Bu federatsiya 1970 yildan erkaklar o‘rtasida, 1973 yildan ayollar o‘rtasida jahon chempionatlari o‘tkazadi. Chim ustida Xokkey Hindiston, Pokiston, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gollandiyada rivojlangan. O‘zbekistonda chim ustida Xokkey 20-asrning 70-yillaridan ommalasha boshladi. 1972 yilda Andijonda dastlabki chim ustida Xokkey jamoasi tuzildi. 1973 yildan erkaklar, 1975 yildan ayollar o‘rtasida chim ustida Xokkey musobaqalari utkazila boshlandi. Respublikada chim ustida Xokkeyga ixtisoslashgan 10 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi bor, ularda 45 nafar murabbiy qo‘l ostida 1200 nafardan ziyod o‘quvchi shug‘ullanadi (2004). Miriman Kim, Oybek Patiddinov, Rinat Mamatkazin, Liliya Mutalapova kabi mahoratli murabbiylar yetakchi Xokkeychilarni tarbiyaladi. Ayniqsa, ayol Xokkeychilar yuqori natijalarga erishdi. Valentina Zazdravnix, Nelliko Gorbatkova, Laylo Axmerova va Alina Xam olimpiada o‘yinlari bronza medali sovrindorlaridir (1980, Moskva). O‘zbekiston chim ustida Xokkey ayollar terma jamoasi Osiyo o‘yinlari va jahon kubogi finalida qatnashgan.
To‘pli Xokkey maydonining o‘lchami 90— 100 x 50—65 m, klyushkasining uzunligi 120 sm, qayrilgan qismi 6,5 sm, ogirligi 450 g, to‘pining diametri 6 sm, og‘irligi 58—62 g, o‘yin vaqti 70 minut (35 minutdan 2 bo‘lim). Musobaqalashayotgan 2 jamoada 11 tadan o‘yinchi qatnashadi. To‘pli Xokkeyga o‘xshash o‘yinlar Yevropaning shimoliy mamlakatlarida o‘rta asrlarda paydo bo‘ldi. 1891 yilda Buyuk Britaniyada milliy assotsiatsiya tuzilgan va to‘pli Xokkeyning o‘yin qoidalari ishlab chiqilgan. 1955 yilda Xalqaro to‘pli Xokkey federatsiyasi (IBF) tashkil etilib, to‘pli Xokkeyning o‘yin qoidalari tasdiqlangan. Federatsiya 1957 yildan jahon chempionatlari (1961 yildan 2 yilda 1 marta) o‘tkazib keladi. Rossiya, Shvetsiya, Finlyandiya va boshqa davlatlarda to‘pli Xokkey rivojlangan.
Shaybali Xokkey maydonining o‘lchami 51—61 x 24—30 m, klyushkasining uzunligi 140 sm, qayrilgan qismi 37,5 sm, og‘irligi 500 g, rezinadan tayyorlangan shaybaning diametri 7,62 sm, qalinligi 2,54 sm, og‘irligi 150—170 g, o‘yin vaqti 60 minut (20 minutdan 3 bo‘lim). Musobaqalashayotgan 2 jamoada 6 tadan o‘yinchi qatnashadi. Shaybali Xokkey 19-asrning 60-yillarida Kanadada paydo bo‘lgan va Yevropaning shimoliy davlatlarida ham keng tarqalgan. 1870 yilda Torontoda shaybali Xokkey assotsiatsiyasi tuzildi. 1886 yilda shaybali Xokkeyning o‘yin qoidalari e’lon qilingan. 1892 yildan Kanadada shaybali Xokkey bo‘yicha Stenli kubogi musobaqalari o‘tkazib kelinadi. 1899 yilda Monrealda shaybali Xokkeyga moslashgan dastlabki yopiq sport saroyi qurildi. 1908 yilda Xalqaro muz ustida Xokkeyligasi (LIHG) tashkil etildi. Unga 40 ga yaqin davlat a’zo (2004). 1924 yildan shaybali Xokkey kishki olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgan. 1973 ytlda Jahon Xokkey assotsiatsiyasi (WHA)ga asos solindi va Stenli kubogi musobaqalarida kanadaliklar bilan birga AQSh professional klublari qatnasha boshladi. Shaybali Xokkey Kanada, Rossiya, Shvetsiya, AQSh, Chexiya, Finlyandiya, Slovakiya davlatlarida rivojlangan.