Osiyoning eng kuchli suzuvchilari Samarqandda jam boʻlishdi
Bugun, 22-sentabrda diyorimizda ochiq havzada suzish boʻyicha Osiyo chempionati start oladi. Samarqand mezbonligida oʻtayotgan X qitʼa birinchiligining ilk kunida erkaklar va ayollar oʻrtasida 5 km masofaga oʻtkaziladigan bahslarga guvoh boʻlamiz.
Ayni daqiqalarda Samarqandda musobaqaning tantanali ochilish marosimi davom etmoqda. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari Rustam Qobulov, Osiyo suzish konfederatsiyasi Bosh kotibi Taxa Al Kishri ishtirok etishyapti. Tan olish lozim, mazkur musobaqaga koʻrilgan tayyorgarlik, yaratilgan infratuzilma, mehmonlar uchun muhayyo etilgan sharoitlar mutaxassislar eʼtirofiga sazovor boʻldi. Buni ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar ham alohida taʼkidlab oʻtishdi.
Bugungi bellashuvlarda Abdujalil Abdugʻaniyev, Vyacheslav Shkretov va Nikita Kornilov erkaklar oʻrtasida, Parizoda Iskandarova, Anastasiya Zelinskaya hamda Muslima Jumaboyeva ayollar bahsida yurtimiz sharafini himoya qiladi.