Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston ot sporti federatsiyasining hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi
Konferentsiyani Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi. Unda dastlab qilingan ishlar yuzasidan federatsiya Ijroiya qo‘mitasi hamda taftish komissiyasining 2013-2016 yillar uchun hisobotlari tinglandi.
Konferentsiyada tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi va O‘zbekiston ot sporti federatsiyasi raisi etib O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi raisi Qudratilla Rafikov bir ovozdan saylandi.
Shuningdek, federatsiya Bosh kotibi lavozimiga Eldar Anarboyev, rais o‘rinbosari lavozimlariga esa Avaz Karimov, Feruz Abdullayev, Avaz Ismoilovlar saylanishdi. Shu bilan birga, taftish komissiya hamda Ijroiya qo‘mitasi a’zolarining yangi tarkibi ham tasdiqlandi.
So‘nggi yillar davomida federatsiyaga rahbarlik qilib kelgan Rifkat Migmanovga qilingan ishlar uchun Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan minnatdorchilik izhor etildi va Rifkat Taufikovich ham federatsiya Ijroiya qo‘mitasi a’zoligiga saylandi.
Konferentsiyada O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Alisher Sultanov so‘zga chiqib, ot sporti federatsiyasi oldida turgan asosiy vazifalar, ushbu sport turini mamlakatimizda yanada rivojlantirish choralari hususida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, mahalliy hokimliklarini ushbu sport turini ommalashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish, mavjud sport bazalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda bino va inshootlarni kapital ta’mirlash va rekonstruktsiya qilish, federatsiyaning hududiy bo‘limlarini tashkil etish va homiylarni biriktirish, ommaviy sport tadbirlarini ko‘proq tashkil etish va o‘tkazish, respublika musobaqalarida viloyat terma jamoalari sportchilari ishtirokini ta’minlash, xalqaro ot sporti Federatsiyasi bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish va mamlakatimiz ot sporti federatsiyasi vakillaridan Osiyo va Xalqaro ot sporti Federatsiyasi rahbariyati tarkibiga kiritish choralarini ko‘rish, yurtimizda ko‘plab xalqaro musobaqalarni o‘tkazish, mazkur musobaqalarga yuqori malakali murabbiylarni maslahatchi murabbiy sifatida jalb qilish, milliy kadrlardan xalqaro toifadagi hakamlarni tayyorlashga e’tibor berish, shuningdek mazkur sport turi rivojlangan xorijiy davlatlar bilan tajriba almashish ishlarini yo‘lga qo‘yishga alohida urg‘u berib o‘tdi.
Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston ot sporti federatsiyasida qilinadigan ishlar talaygina, shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi federatsiyaning yangi raisi Qudratilla Mirsagatovich Rafikovga mashaqatli va sharafli ishlarni amalga oshirishiga katta ishonch bildirib, bu ishlarda unga ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.
Manzil: O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati